Tajribali geologning yubileyi
2026 yilning 4 aprelida “Geologiya sohasi xodimlari kuni” arafasida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti anjumanlar zalida Navoiy kon-metallurgiya kombinati faxriysi, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi qoshidagi “Uztoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi” faol a’zosi, tajribali geolog Hamid Sharipovning 80 yoshli yubileyiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Hamid Sharipov 1946 yilda Konimex tumanida tavallud topgan. 1963–1969 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirda Milliy universitet)ning Geologiya fakultetida tahsil olgan. Talabalik yillaridanoq mehnat faoliyatini boshlab, 1964–1969 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Geologiya va geofizika-gidrogeologiya institutida laborant sifatida ish yuritgan.

1969 yildan boshlab uning mehnat yo‘li Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan uzviy bog‘landi. Markaziy kon boshqarmasi tasarrufidagi Muruntov karyerida oddiy ishchi vazifasidan faoliyat boshlab, keyinchalik tajribali geolog sifatida yuksak natijalarga erishdi. Qariyb 60 yillik mehnat faoliyati davomida u Muruntov oltin koni zahiralarini aniqlash, Qizilqum sahrosi hamda mamlakatimiz bo‘ylab geologik-qidiruv ishlarini olib borishda nufuzli olimlar bilan hamkorlikda samarali mehnat qildi. Hisor, Surxon, Boysun, Yakkabog‘ tog‘lari va Markaziy Qizilqum hududlarida ma’dan zahiralarining aniqlanishi ana shu izchil mehnatning amaliy natijasidir.
Tadbirda qatnashgan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Holmamat Raupov boshchiligida kombinatning bir guruh yetuk mutaxassislari H. Sharipovni yuqorida sanab o‘tilgan xizmatlarini inobatga olgan holda yubilyarni qutladilar va “NKMK” AJ Boshqaruv raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanakulovning tabrigini o‘qitib eshittirdilar hamda korxona qarori bilan 1-darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirladilar. Shu bilan, Hamid Sharipov “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni to‘liq kavaleriга aylandi.

Shundan so‘ng NDKTUning rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ham o‘z dil izhorlarini bildirdilar. Gap shundaki, H.Sharipov ishlab chiqarish bilan bir qatorda ta’lim sohasida ham faol bo‘lib, 1970 yildan 2021 yilga qadar Navoiy davlat konchilik instituti (hozirda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti)da o‘rindoshlik asosida dars berib, ko‘plab yosh mutaxassislarni tarbiyaladi. Uning ustozlik faoliyati shogirdlar xotirasida bilim va hayotiy tajriba uyg‘unligi sifatida chuqur muhrlanib qolgan.
Shuningdek, FA Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev va bo‘lim qoshidagi “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi” boshlig‘i Muhabbat Yuldashevalar Hamid Sharipovning ushbu maslahatxonada jamoatchilik asosida faol qatnashishi va ustoz sifatida yoshlarga o‘rnak bo‘lganini, uning hayot va mehnat yo‘li kasbga sadoqat, mehnatga muhabbat va insoniy fazilatlarning yorqin namunasi ekanligini ta’kidlab, yubilyarga “FA Navoiy bo‘limining faxriy professori” unvoni berilishi to‘g‘risida bo‘lim ilmiy kengashining qarori qabul qilinganligini e’lon qildilar.
Shuni ta’kidlash joizki, shaxsiy hayotda ham H.Sharipov ibratli inson sifatida tanilgan. U turmush o‘rtog‘i — kombinatda 40 yildan ortiq faoliyat yuritgan Norxol Tog‘ayeva bilan 60 yildan buyon totuvlikda umr kechirib, 4 nafar farzandni voyaga yetkazdilar. Bugungi kunda ular 16 nafar nevara va 9 nafar chevaraga mehribon bobo-buvilari sifatida saodatli hayot kechirmoqdalar. 2025 yilda mazkur oilaning “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi ham bejiz emas.

Bundan tashqari, tadbir davomida Hamid Sharipovning “Sharafli umr yo‘llari” nomli kitob taqdimoti ham o‘tkazildi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati,
Rasm mualliflari: F.Istablayev va O.Mustafoyev.