SHUARdagi Forum
2026-yilning 16–18-july kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni (SHUAR) Urumchi shahrida an’anaviy «Ipak yo‘li» konchilik sanoatida hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Xitoy, Rossiya, Mo‘g‘uliston, Pokiston va boshqa qator davlatlarning yetakchi olimlari, mutaxassislari hamda sanoat korxonalari rahbarlari ishtirok etdi. Xalqaro maydonda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev taqdim etdi.

Bu yilgi munozaralarning asosiy e’tibori raqamli transformatsiya, texnologik suverenitet va sohani ekologiyalashtirishga qaratildi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan transchegaraviy hamkorlikni kengaytirish — geologik qidirishdan tortib, xomashyoni chuqur qayta ishlash va «yashil» smart-konlarni loyihalashtirishgacha bo‘lgan masalalarni muhokama qildilar. Ko‘rgazma maydonchalarida hamkorlarga haydovchisiz karyer samosvallari, konlarni boshqarish uchun sun’iy intellekt platformalari va masofaviy nazorat markazlarini o‘z ichiga olgan tayyor IT-ekotizimlar namoyish etildi.

Ishchi dastur davomida A.Mirzayev Navoiy bo‘limi hamda Xitoy tadqiqot markazlari va biznesi o‘rtasidagi ilmiy-ishlab chiqarish hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’ruza qildi. Xususan, O‘zbekiston tomoni kosmik tasvirlarni qayta ishlash va tahlil qilishda sun’iy intellekt algoritmlarini qo‘llagan holda, qurilayotgan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li magistrali bo‘ylab istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borishda sa’y-harakatlarni birlashtirishni taklif etdi. Shuningdek, tog‘ jinslarining mineralogik tarkibini ekspress-tahlil qilish uchun zamonaviy kompleks laboratoriya tashkil etish masalasi ham ko‘tarildi.

Forum bilan bir vaqtda Urumchi shahrida Xalqaro konchilik sanoati va uskunalari ko‘rgazmasi hamda Shinjon ko‘mir tarmog‘i ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar doirasida Navoiy bo‘limi tomonidan bir qator muzokaralar o‘tkazildi va ular Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanishi bilan yakunlandi. Ular orasida sun’iy intellekt asosida rudalarni quruq separatsiya qilish aqlli tizimlarini ishlab chiquvchi Tianjin Meiteng Technology Co., Ltd. hamda ekstremal sharoitlar uchun sanoat IoT-echimlari va yuqori tezlikdagi ma’lumotlarni uzatish tarmoqlariga ihtisoslashgan Quanxin High Technology Co., Ltd. kompaniyalaridir.
Bundan tashqari, XXR SHUAR Fan va texnologiyalar rivojlanishi strategiyasi instituti bilan joriy yilning oktyabr oyida xalqaro konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bu kabi keng ko‘lamli tadbirlar nafaqat O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnikaviy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or «yashil» texnologiyalarning samarali transferi va Ipak yo‘li Iqtisodiy kamari bo‘ylab yagona innovatsion makonni amaliy shakllantirishga xizmat qiladi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.