O‘zbekistonlik olimlar Xitoydagi yuz yillik tarixga ega «Voksi» «yashil koni» tajribasini o‘rgandilar
Avval xabar berilganimizdek, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev boshchiligidagi olimlar guruhi amaliy tashrif bilan XXRda bo‘lib turibdi.

Joriy yilning 6-iyul kuni delegatsiya Xunan provinsiyasining Voksi oltin-surma-volfram konini o‘zlashtirayotgan hamda yetakchi tog‘-kon korxonalaridan biri hisoblangan "Chjou Chen" kompaniyasiga, shuningdek, Tog‘-kon ishi tarixi muzeyiga tashrif buyurdilar. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad — foydali qazilmalarni qazib olish, nodir va noyob metallarni kompleks boyitish hamda ishlab chiqarishni raqamlashtirish sohasidagi ilg‘or Xitoy tajribasini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.


Tashrif korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishishdan boshlandi. O‘zbekistonlik mutaxassislar zamonaviy boshqaruv dispetcherlik markazi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda yer osti xavfsizlik datchiklaridan tortib, tozalash inshootlarining ekologik ko‘rsatkichlarigacha bo‘lgan barcha jarayonlar real vaqt rejimida nazorat qilinadi.
Delegatsiyada og‘ir tog‘-kon va shaxta uskunalari, xususan, ishchilarni 1000 metrdan ortiq chuqurlikka tez va xavfsiz yetkazib berishni ta’minlaydigan zamonaviy shaxta ko‘targichlari alohida qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, olimlar boyitish fabrikasi quvvatlarini batafsil o‘rgandilar. Voksi konining o‘ziga xosligi shundaki, u dunyoda oltin, surma va volfram bitta rudadan birgalikda qazib olinadigan sanoqli konlardan biridir. Xitoylik muhandislar mehmonlarga ushbu komponentlarni ajratib olish texnologiyalarini namoyish etdilar. Aynan shu texnologiyalar tufayli korxona kimyo hamda tog‘-kon va metallurgiya sanoatida muhim xomashyo hisoblangan surma ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda.



Tashrifning ikkinchi bosqichi Tog‘-kon ishi tarixi muzeyiga sayohat bo‘ldi. Bu yerda delegatsiya asriy an’analar zamonaviy texnologiyalarga qanday transformatsiya bo‘lganiga guvoh bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar "davra suhbati" o‘tkazdilar va unda geologiya hamda tog‘-kon ishi sohasida ikki tomonlama ilmiy-texnikaviy hamkorlikni faol kengaytirishga kelishib oldilar.
Fikr almashish davomida olimlar O‘zbekiston hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yuqori salohiyat mavjudligini ta’kidladilar. Xususan, muhim geografik ustunlik qayd etildi: Xunanning qalin o‘simliklar bilan qoplangan tog‘-kon hududlaridan farqli o‘laroq, O‘zbekiston landshafti asosan ochiq va o‘rmon massivlaridan xoli. Bu esa maydonli geologik qidiruv ishlarini, shu jumladan zamonaviy aerokosmik va masofadan zondlash usullarini qo‘llagan holda o‘tkazishni sezilarli darajada osonlashtiradi, tezlashtiradi va arzonlashtiradi.


Xitoy tomoni O‘zbekistondagi istiqbolli konlarga o‘zining boyitish texnologiyalarini transfer qilishga yuqori qiziqish bildirdi, bu esa kelajakdagi qo‘shma kashfiyotlar uchun mustahkam poydevor yaratadi.