Muzokaralar amaliy bosqichga o‘tdi


   Joriy yilning 3–8-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va uning Navoiy bo‘limiga «Szinshen» Shinjon energetika texnologiyalarini rivojlantirish kompaniyasi» MCHJ boshqaruvi raisi Shao Fensin boshchiligidagi sakkiz kishilik xitoylik delegatsiya tashrif buyurdi. Ushbu tashrif joriy yilning 18-martida O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev va Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qilish maqsadida amalga oshirilgan javob tashrifi bo‘ldi.

   Mehmonlar orasida, shuningdek, «Yuni-Trend» Xanchjou tarmoq texnologiyalari kompaniyasi» MCHJ, «Chjetszyan Szyanke» arxitektura loyihalash instituti» MCHJ rahbariyati va xodimlari hamda Xebey avtomobil assotsiatsiyasi vakillari ham bor edi.

 

   Tashrifning dastlabki kunlarida Toshkent shahrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov rahbarligida va vitse-prezident Shaxloxon Turdikulova ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralarda ikki tomonlama ilmiy-investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, tomonlar mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, ilmiy tadqiqotlar samaradorligi va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.

    Muzokaralar yakunida O‘zbekiston tomonidan Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ishtirokida «Ilm-fan, savdo va investitsiyalar integratsiyasi» xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.

   Navoiy shahrida viloyat hokimi o‘rinbosari Elbek G‘afforov boshchiligida viloyat hokimligida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Xitoylik tadbirkorlar quyosh elektr stansiyalarini qurish va kichik vetrogeneratorlarni o‘rnatish, xalqaro logistika markazini tashkil etish, «Iu modeli» asosidagi savdo-ulgurji bozorlari va raqamli savdo platformasini yaratish, avtomobil butlovchi qismlarini yig‘ish zavodi hamda optik tolali mahsulotlar ishlab chiqarish tarmoqlarini barpo etish, shuningdek, Xitoy professional universitetini ochish kabi loyihalarga investitsiya kiritish istagini bildirdilar. Viloyat ma’muriyati, o‘z navbatida, bu borada har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidladi.

Shu kabi muzokaralar «Navoiy» EIZ hududida sharoitlarni bevosita o‘rganish bilan «Navoiy» EIZ direksiyasi» AJ direktori Mehroj Botirov rahbarligida davom ettirildi. Direksiya va yuqorida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish uchun yangi tashkil etilgan «JINGCHENG GUO JI HE ZUO ZHONG XIN» XK MCHJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatni rasmiylashtirish orqali tomonlar Xitoy investitsiya parkini tashkil etish niyatini tasdiqladilar. Shu bilan birga, har ikki tomon loyihalarni amalga oshirishning ilmiy asoslanishi va ilmiy yondashuv masalalarida Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi bilan hamkorlik qilish majburiyatini oldilar. Bunda bo‘lim O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarini jalb qilish huquqiga ega ekani alohida ta’kidlandi.

   

Tashrifning so‘nggi kunida Navoiy bo‘limi «Chjetszyan Szyanke» arxitektura loyihalash instituti» MCHJ va «Chjetszyan Xuachjuan Dizayn» MCHJ bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzoladi. Hamkorlik xalq xo‘jaligining turli sohalariga raqamli texnologiyalarni joriy etishni ko‘zda tutadi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!