Xalqaro hamkorlik
2026-yil 3-iyuldan 10-iyulgacha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev boshchiligidagi bir guruh olimlar “Hunan Chenxi Jintuo Mining Co., Ltd” konchilik kompaniyasining taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Xususan, 4-iyul kuni taklif etuvchi kompaniyaning Changsha shahridagi bosh ofisida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bosh direktor Venbin Se bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur korxona ham Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi kabi 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasining 10 ga yaqin mamlakatida bir qator yirik loyihalarni amalga oshirgan. Faoliyatning asosiy yo‘nalishi — ma’danli va noma’danli foydali qazilmalarni qazib olish hamda qayta ishlashdan iborat. Shunga qaramay, “Hunan Chenxi Jintuo Mining Co., Ltd” ko‘p tarmoqli kompaniya hisoblanib, qishloq xo‘jaligi, energetika va ekologiya sohalarida ham loyihalarni hayotga tatbiq etib kelmoqda.


Shuningdek, u tashkil etilayotgan ishlab chiqarish obyektlari atrofida ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirib, ekologik jihatlarga alohida e’tibor qaratadi: xususan, tog‘-kon ishlari yakunlangach, yerlarni rekultivatsiya qilish (tiklash) ishlarini amalga oshiradi.
Muzokaralar davomida tomonlar Navoiy bo‘limi huzurida mobil geologiya-qidiruv otryadi hamda tog‘ jinslarining fizik va kimyoviy xususiyatlarini aniqlash uchun tezkor tahlillarni o‘tkazish imkoniyatiga ega geologik laboratoriya tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, laborantlarni o‘qitish va ilmiy xodimlar o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha qo‘shma kurslarni tashkil etishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida tegishli Hamkorlik kelishuvi imzolandi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.