HAMKORLIK RIVOJI UCHUN MUSTAHKAM POYDEVOR
2024-yil 12-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-430-sonli Qarori qabul qilindi. Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida mazkur normativ-huquqiy hujjat ijrosini ta’minlashga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qaror doirasida o‘tgan yildan buyon viloyatning shahar va tumanlariga tarkibiga Bo‘limning tajribali olimlari va geologlari, shuningdek, Navoiy oliy ta’lim muassasalarining soha mutaxassislari kirgan ekspertlar guruhi biriktirildi. Ularning asosiy vazifasi — geologik tadqiqotlarni chuqurlashtirish, mintaqaning mineral-xomashyo bazasini kengaytirish va sohaga innovatsiyalarni joriy etishdan iborat.
Geologiya va tog‘-konchilik sohasidagi ilmiy xodimlar hamda doktorantlardan tashkil topgan kichik ishchi guruh Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev rahbarligida bevosita joylarda tadqiqotlar o‘tkazish uchun obyektlarga muntazam ravishda chiqib bormoqda.

Xususan, shu yilning may oyida ushbu guruh a’zolari Xitoydan tashrif buyurgan potensial investorlar bilan birgalikda Markaziy Qizilkumdagi Aminzatov-Beltav ma’danli tumanining bir qismi bo‘lgan “Beltav” maydonida geologik dala ekspeditsiyasida ishtirok etdilar. Ekspeditsiya davomida namunalar olinib, ularning birlamchi laboratoriya tahlili tarkibida qimmatbaho minerallar, jumladan, oltin va kumush mavjudligini tasdiqladi.
“E-auksion” platformasi orqali o‘tkazilgan ochiq onlayn auksion savdolarida, boshqa ishtirokchilar bilan teng sharoitlarda, “Beltav” maydonining uchastkalaridan birida batafsil geologik qidiruv ishlarini olib borish huquqini beruvchi litsenziyani “Whale Think Osiyo Investment” XK MChJ qo‘lga kiritdi.

2-3-iyun kunlari Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida mazkur xorijiy korxona vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda investorlar loyihani ilmiy kuzatib borish uchun Bo‘lim geologlarini jalb etish istagini bildirdilar. Bundan tashqari, tomonlar qo‘shma kompleks geologiya-qidiruv laboratoriyasini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ushbu keng ko‘lamli loyiha akademik ilm-fan va xorijiy investitsiyalarni o‘zida birlashtiradi. Chet ellik hamkorlar markazni moliyalashtirish va eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlashni to‘liq o‘z zimmalariga oladilar, yurtimiz olimlari esa loyihaning kuchli ilmiy-uslubiy ta’minotini kafolatlaydilar.
Yangi laboratoriyaning ishga tushirilishi tog‘ jinslari va minerallarni qat’iy xalqaro standartlar asosida yuqori aniqlikda tahlil qilish imkonini beradi, bu esa hududdagi geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Markaz yangi avlod mahalliy kadrlari - yosh olimlar, muhandislar va doktorantlarni tayyorlash uchun noyob amaliy bazaga aylanishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, kompaniya vakillari O‘zbekistonlik mutaxassislarni tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish uchun yaqin oylarda Xitoydagi shu kabi laboratoriyalarga tashrif buyurishga taklif qildilar.

Rejalashtirilayotgan laboratoriya - bu shunchaki bugungi kun vazifalarining yechimi emas, balki kelajak uchun mustahkam poydevordir. Loyiha nafaqat Navoiy viloyati, balki umuman O‘zbekiston tog‘-kon sanoatini modernizatsiya qilish uchun ishonchli ilmiy-texnologik asos yaratadi. Bu esa yangi kashfiyotlarga yo‘l ochish bilan birga, yaqin va uzoq xorij davlatlaridagi hamkasblarga tegishli laboratoriya tahlillarini o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini ham taqdim etadi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.