Ilm-fanda xamkorlikka sermahsul oy
Joriy yil oktabr oyi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi faoliyatida muhim ilmiy voqealar va xalqaro aloqalar bilan yodda qoldi. Bu davr mobaynida nafaqat milliy, balki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, geologiya sohasida ilmiy izlanishlarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida amaliy qadamlar tashlandi.
9–18 oktabr kunlari Xitoy Geologiya fanlari akademiyasining Geomexanika instituti vakillari O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdilar. Tashrif doirasida xitoylik geologlar Navoiy bo‘limi olimlari bilan hamkorlikda Sautbay, Yaxton, Oltinsoy, Uchqulach va Qoytosh maydonlarida dala tadqiqotlarini amalga oshirdilar. Tadqiqotlar jarayonida ikki tomon mutaxassislari ilmiy tajriba almashib, istiqbolli geologik yo‘nalishlarda qo‘shma ishlar yuritish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va geologiya hamda konchilik sohalarida kadrlar tayyorlashni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xitoylik mehmonlarning tashrifi Navoiy viloyati hududidagi foydali qazilmalar bazasini yanada chuqurroq o‘rganish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash hamda ikki mamlakat ilmiy hamkorligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
14–18 oktabr kunlari esa Navoiy bo‘limi Ozarbayjonning geologik loyihalash va loyihalarni boshqarish bo‘yicha “AT-Geotech” mintaqaviy kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Uchrashuvlarda geologik qidiruv, geotexnologik va geofizik tadqiqotlarni tashkil etish, istiqbolli mineral xomashyo maydonlarida qo‘shma ilmiy ishlar olib borish, zamonaviy usul va uskunalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, geotexnologik laboratoriyalarni tashkil etish va ularni ilmiy standartlarga mos jihozlash bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Ma'lumki, mazkur kompaniya vakillari bilan Navoiylik olimlar joriy yil 25 iyul' kuni Ozarbayjonning Naxchivon shahrida bo‘lib o‘tgan “Nakhchivan 2025 — GeoMining” xalqaro forumida tanishgan edilar. Forumda Navoiy bo‘limi raisi A.Mirzayev o‘z ma'ruzasida Ozarbayjonda neft-gaz geologiyasi, O‘zbekistonda esa ma'dan geologiyasi rivojlanganini qayd etib, tajriba almashish va hamkorlik zamon talabi ekanligini ta'kidlagan edi. Uning taklifiga “Geotek AT” kompaniyasi vakillari katta qiziqish bildirdilar.
Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Navoiy bo‘limi va “Geotek AT” kompaniyasi o‘zaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish va innovatsion loyihalarni ro‘yobga chiqarish masalalarida fikr almashdilar. Bu tashrif tomonlar hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy tadqiqotlarni xalqaro standartlar darajasida tashkil etish va mintaqadagi geologik izlanishlarni kengaytirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Shuningdek, 15 oktabr kuni Navoiy bo‘limida “Qishloq xo‘jaligida ekologik barqarorlikni ta'minlash istiqbollari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda yuzdan ziyod olim va tadqiqotchilar, yosh muhaqqiqlar onlayn tarzda ishtirok etib, dolzarb masalalar yuzasidan ma'ruzalar taqdim etdilar. Tadbirda suv resurslaridan samarali foydalanish, yer unumdorligini oshirish, organik dehqonchilikni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida ekologik xavfsizlikni ta'minlash, agrobiotexnologiya va raqamli agrosistema kabi yo‘nalishlardagi ilmiy ishlanmalar muhokama qilindi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda yashil iqtisodiyot tamoyillarini joriy etishning amaliy mexanizmlari haqida fikr almashildi.
Yuqoridagi ishlardan kelib chiqib aytish mumkinki, navoiylik olimlarning xalqaro maydondagi faol ishtiroki, ilmiy hamkorlikning kengayishi va yangi qo‘shma tashabbuslarning amalga oshirilayotgani mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyotiga bo‘lgan yuksak e'tiborning yorqin ifodasidir. Zero, fan chegara bilmaydi — rivojlanish faqat hamkorlik orqali tezlashadi.
FA Navoiy bo‘limi
matbuot xizmati.